-
Нет Отзывов
-
В избранные
Surxondaryo viloyati hokimi oʻrinbosari, viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi boshligʻi Joʻrabek Toʻrayev Sariosiyo tumanidagi Sangardak qishlogʻida boʻlib, turizm sohasida xizmat koʻrsatuvchi tadbirkorlar uchun sayyor qabul tashkil etdi.
Viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi xodimlari, tuman hokimligi, tuman soliq, kadastr, tijorat banklari va boshqa aloqador korxona, tashkilotlar mutasaddilari ishtirok etgan ochiq muloqotda hududda ichki va tashqi turizmni rivojlantirish va “Turizm qishlogʻi” maqomini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha fikr almashildi.
Togʻlar bagʻridagi soʻlim maskan muʼjizaviy fusunkor sharsharasi bilan dunyoga tanilgan. Yer sathidan 120 metr balandlikdan qoyalarga urilib, oqadigan sharshara kamalakdek tovlanishi bilan insonga xush kayfiyat ulashadi. Muzdekkina zilol suv tomchilari baxri-dilni ochib, qalblarga quvonch bagʻishlaydi. Nafis sunbulani silab oqayotgan sharsharaning mayin tovushi yurakka quvvat berib, asablarni tinchlantiradi.
Ayniqsa, yoz jaziramasida uzoq-yaqindan odamlar tabiatning betakror, maftunkor ana shu moʻjizasiga talpinadi. Bu yerning musaffo, salqin havosidan nafas olib, goʻzal tabiat qoʻynida maroqli dam olishga oshiqadi.
Mamlakatimizda keyingi yillarda turizmni rivojlantirishga qaratilayotgan eʼtibor osmonoʻpar togʻlarga tutash Sangardakda ham sayyohlarga xizmatlar koʻrsatishni yoʻlga qoʻyishga qulay muhit yaratdi. Oilaviy mehmon uylari, zamonaviy dam olish zonalari, savdo va umumiy ovqatlanish shohobchalari tashkil etilmoqda. Bu jarayonda turizm sohasiga xizmat koʻrsatuvchi tadbirkorlar qanday muammolarga duch kelmoqda?
Yuzma-yuz muloqotda tadbirkorlar shu yoʻnalishda duch kelayotgan qator muammolarni oʻrtaga tashladi. Jumladan, tadbirkorlar sayyohlarga zamonaviy xizmatlar koʻrsatishni kengaytirish uchun tijorat bankidan imtiyozli kredit olish, ekoturistik yoʻnalishlar tashkil etishga yer maydoni ajratish, mehmon uyi ochishga amaliy yordam berish, noturar joylarga soliq imtiyozlari qoʻllash kabi masalalarda murojaat etdi.
–Qishlogʻimizga keluvchi mehmonlar safi yil sayin koʻpaymoqda,–deydi “Sardorbek” oilaviy mehmon uyi rahbari G.Qorayev.– Xorijlik va mahalliy sayyohlar uchun uyimizning bir qismini mehmonxonaga aylantirganmiz. Ular uchun yanada qulay sharoit yaratish maqsadida oʻttiz million soʻmdan koʻproq kredit mablagʻiga ehtiyoj sezayapmiz. Qabulda shu masalani oʻrtaga tashlagan edim, joyida yechimini topdi. Hokimning mahallamizdagi yordamchisi koʻmagida 33 million soʻm kredit mablagʻi ajratiladigan boʻldi. J.Shomurodov mehmon uyi ochishda yordam soʻradi. Uning bu murojaati ham oʻz yechimini topdi. Tadbirkor N. Bekmirzayev hududni ozoda, sanitariya-gigiyena talablariga mos saqlash uchun qishloqqa maxsus chiqindi tashish texnikasi ajratish masalasini oʻrtaga tashladi. Bu murojaat ham joyida muhokama etilib, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.
Sayyor qabulda oʻndan ortiq murojaat va takliflar tinglanib, ularning aksariyatiga joyida yechim topildi. Vaqt talab etiladigan murojaatlar uchun aniq muddat belgilanib, ijrosi nazoratga olindi.
Shu kuni viloyat hokimi oʻrinbosari hududda faoliyat yuritayotgan oilaviy mehmon uylarida sayyohlarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Xizmatlar koʻrsatish shohobchalarini koʻzdan kechirib, sohani yanada rivojlantirish yuzasidan taklif va tavsiyalarini bildirdi.