-
Нет Отзывов
-
В избранные
9-sentabr kuni Toshkent shahrida joylashgan “InterContinental Tashkent” mehmonxonasida O‘zbekiston va Vetnam turizm sektori vakillari ishtirokida o‘tkazilgan biznes-forum ikki davlat o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan muhim tadbir bo‘ldi. Forumda O‘zbekiston va Vetnam o‘rtasidagi sayyohlar almashinuvini oshirish, O‘zbekistonning turizm salohiyatini Vetnamda targ‘ib qilish va ikki mamlakat turizm sanoati vakillari o‘rtasida ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
2023-yilda Vetnamdan O‘zbekistonga 2 mingga yaqin turistlar kirib kelgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkichning keskin ortishi kutilmoqda. O‘zbekiston va Vetnam o‘rtasida turizm sohasida amalga oshirilayotgan ikki tomonlama aloqalar bu o‘sishga katta hissa qo‘shmoqda. Forumda O‘zbekistonning tarixiy va madaniy boyliklarini tanitish, shuningdek, Vetnamda O‘zbekiston turizmini yanada kengroq targ‘ib qilish yuzasidan olib borilayotgan ishlar alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, forumda “Prestige Travel” kompaniyasi tomonidan o‘tgan yili Vetnamga 10 ming nafarga yaqin o‘zbekistonlik sayyohlar yuborilganligi va shu bilan birga minglab vetnamliklarni O‘zbekistonga turist sifatida olib kelganligi haqida ma’lumot berildi. Bu kabi loyihalar O‘zbekiston turizmini rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydi.
Forum davomida, vetnamlik turistlar sonini oshirish va ularning sayohatlarini sifatli tashkil etish, shuningdek, mamlakatimiz aholisi uchun hamyonbop tur-paketlarni ishlab chiqish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Xalqaro aviaqatnovlar sonini ko‘paytirish va xorijiy sayyohlarni jalb qilish bo‘yicha yangi loyihalar ustida ish olib borilmoqda. Bu ikki tomonlama muloqot va hamkorlik, albatta, turizm sohasida yangi imkoniyatlar yaratadi va O‘zbekistonning xalqaro sayyohlik bozoridagi o‘rnini mustahkamlashga yordam beradi.