-
Нет Отзывов
-
В избранные
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Muzeylarda xizmatlar sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qaroriga muvofiq, muzeylarda xizmatlar sohasini kengaytirish maqsadida 2022-yil 1-iyuldan boshlab
— davlat muzeylariga har kuni soat 22:00 gacha tashrif buyuruvchilarga xizmat koʻrsatish huquqi beriladi, shuningdek, zaruratga koʻra, davlat muzeylari qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tungi ish vaqti muddatlarini belgilashi mumkin;
— pulli xizmatlar koʻrsatishda ishtirok etgan muzey xodimlariga qoʻshimcha toʻlovlar toʻlanadi va ular moddiy ragʻbatlantiriladi, qoʻshimcha toʻlovlar toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish tartibi muzeylar tomonidan ularning yuqori turuvchi organi bilan kelishgan holda belgilanadi;
— davlat muzeylariga ularda tashkil etiladigan xizmatlar uchun Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi bilan kelishgan hamda bozor konyunkturasini hisobga olgan holda, byudjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida qoʻshimcha xodimlarni jalb etishga ruxsat beriladi.
Davlat muzeylari tomonidan xizmatlarni tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlar mahalliy byudjetning qoʻshimcha manbalari, muzeylarning byudjetdan tashqari mablagʻlari, Madaniy meros jamgʻarmasi mablagʻlari, tijorat banklarining kreditlari, qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
Davlat tashkilotlari va muassasalari oʻzlari ishlab chiqarayotgan yangi turdagi muhim mahsulotlardan namunalarni davlat muzeylariga bepul beradi.
Aholidagi madaniy boyliklarni davlat muzeylari tomonidan qabul qilib olishni ragʻbatlantirish va ommalashtirishga qaratilgan “Milliy merosga mening hissam!” umumxalq aksiyasi 2022-yil 1-iyuldan boshlab tashkil etiladi va doimiy ravishda oʻtkazib boriladi.
“Moziyga sayohat” dasturi doirasida:
— turizm infratuzilma subyektlariga (joylashtirish vositalariga) chegirma taqdim qilish va aksiyalar oʻtkazish tavsiya etiladi;
— davlat oliy taʼlim muassasalari talabalarining joylashtirish vositalarida turish xarajatlarining 50 foizgacha miqdori tegishli davlat oliy taʼlim muassasalarining byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan, taʼlim muassasalari oʻquvchilarining, nogironligi boʻlgan shaxslarning joylashtirish vositalarida turish xarajatlarining 50 foizgacha miqdori mahalliy byudjetning qoʻshimcha manbalari hisobidan qoplanishi mumkin;
— “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar va nogironligi boʻlgan shaxslar davlat muzeylariga bepul kiritiladi;
— “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarning temir yoʻl chiptalari hamda joylashtirish vositalarida turish xarajatlari toʻliq hajmda tegishlicha “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” jamgʻarmalari hisobidan qoplanadi;
— davlat tashkilotlari va muassasalari tomonidan har yili kamida bir marta byudjetdan tashqari mablagʻlar, kasaba uyushmalari mablagʻlari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan oʻz xodimlari va ularning oila aʼzolari uchun muzeylarga kirish chiptalarini xarid qilish amaliyoti joriy etiladi.