-
Нет Отзывов
-
В избранные
Prezidentimiz tashabbusi bilan Buxoro shahrida joriy yilning 21-24 may kunlari “Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik” hamda “Kashtado‘zlik san’ati” xalqaro festivallari o‘tkazildi. Ushbu tadbirlarda 58 ta davlatdan 220 nafardan ortiq xorijiy mehmonlar, 38 ta davlatdan 130 nafardan ziyod xorijiy usta-hunarmandlar hamda respublikamizning barcha hududlaridan 300 nafardan ortiq mahalliy zardo‘z, kashtado‘z, zargar va hunarmandlar qatnashdi.
E’tiborli tomoni, xorijiy sayyohlar tomonidan ularning deklaratsiyalariga asoslanib aytadigan bo‘lsak, 15,6 kilogramm kumush va 4,8 kilogramm miqdorda oltindan yasalgan taqinchoqlar xarid qilingan. Bu o‘rtacha 284,5 ming AQSH dollari yoki 3,2 milliard so‘m foyda olib kelgan. Biz bejizga ushbu raqamlar bilan mulohazalarimizni boshlamadik. Sababi, ushbu festival Buxoroda servis va maishiy xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlari imkoniyatini yana bir bor amalda namoyish qildi.
Ma’lumot uchun, 2022 yil 1 iyun holatida jami 1 ming 256 nafar mahalliy va 42 ming 589 nafar (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,7 baravar ko‘p) xorijiy sayyohlar tashrif buyurgan. Ular uchun yaratilgan infratuzilmaning sifat jihatidan yuqori ekanligi oqimni yanada kengaytirmoqda. Davlatimiz rahbarining 2022 yil 27 yanvardagi “Xizmatlar sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga asosan umumiy qiymati 2 110,3 milliard so‘mlik 697 ta loyihani amalga oshirish belgilangan. Bu 9 ming 882 ta ish o‘rni yaratish imkonini beradi.
Mazkur qarorga asosan joriy yilda xizmatlar hajmini 1,5 baravarga oshirish bo‘yicha aniq manzilli dastur ishlab chiqilgani ayni yo‘nalishning rivoji uchun keng yo‘l ochmoqda. Buxoro shahri iqtisodiyoti o‘sishini ta’minlaydigan asosiy drayveri ham bu – xizmat ko‘rsatish va servis sohasidir.
–Ko‘hna va boqiy Buxoroning eski shahar qismida zamonaviy servis xizmatlarini ko‘rsatuvchi maskanlar, joylar ko‘payib bormoqda, – deydi Buxoro shahridagi “Imom Buxoriy” mahalla fuqarolar yig‘ini faoli Muhsina Shoymardonova. – Necha yillar oldin Buxoroda sanoqli sayyohlarni kuzatish mumkin edi. Bugun erta tongdan kechgacha Buxoro ko‘chalarini kezsangiz guruh-guruh bo‘lib yurgan mahalliy va xorijiy sayyohlarga ko‘zingiz tushadi. Ular Buxoroning diqqatga sazovor joylarida bo‘lib, ziyoratlar qilishadi. Obidalarni tomosha qilib ma’naviy ozuqa olishadi. Mahalla fuqarolar yig‘inida faolman. Faqat nazorat qilib, tahlil qilaman. Juda ko‘p davlatlarda bo‘lganman. Havas qilardim. Bizda ham shu kunlar kelarmikan, deb. Hozir esa guvoh bo‘lib turibman. Biz ulardan ham o‘zib ketibmiz. Tinch yurtimiz, musaffo osmonimizga ko‘z tegmasin. Yaratilgan imkoniyatlardan nainki biz balki, chet elliklar ham foydalanmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni vaqtda shaharda turizm yo‘nalishidagi umumiy qiymati 870 milliard so‘mlik, shundan 71,9 milliard so‘m tijorat banki krediti va 25,8 million AQSH dollari miqdoridagi xorijiy investitsiya hisobiga 33 ta mehmonxona tashkil etish va 642 ta ish o‘rni yaratish ham eng ustuvor vazifalardan sanaladi. Qolaversa, qiymati 1 trillion 56,6 milliard so‘mlik 11 ta yirik xizmat ko‘rsatish loyihalari hisobidan 6 ming 225 nafar aholining bandligi ta’minlanadi. Albatta bugun Buxoro shahrida istiqomat qilayotgan yurtdoshlarimiz mazkur ishlar natijasini o‘z hayotlarida yaqqol his qilmoqda. Bo‘layotgan o‘zgarishlar barchani birdek yaratuvchanlikka, yangi loyihalarni amaliyotga tatbiq qilishga chorlamoqda.
– Buxoroga ilk kelishim, – deydi rossiyalik sayyoh Yuliya Babkina. – Kun davomida shahardagi diqqatga sazovor joylarni tomosha qildim. Kechki payt o‘ziga xos manzara kasb etadigan Minorai Kalon, Poyi Kalon ansambli oldidagi terassada ovqatlanib shaharni kuzatdim. Bu menga o‘zgacha zavq bag‘ishladi. Xizmat ko‘rsatish, ovqatlanish, mehmonxonalar umuman barcha-barchasi a’lo darajada. Kutganimdan ham yaxshiroq sharoitlar muhayyo qilinganiga guvoh bo‘ldim. Ko‘rganlarimni yurtimga borib targ‘ib qilaman. Hamyurtlarim ham bu maftunkor yurtni ko‘rishlari kerak. Ayniqsa, ularga Buxoroda pishiriladigan buxorocha osh haqida to‘lqinlanib gapirishim aniq. Menga buxoroliklar juda ham yoqdi.
– Yurtingizga Fransiyadan do‘stlarimiz bilan keldik, – deydi fransiyalik sayyoh Hyugo Tanel. – Bu yerdagi masjid, madrasa, tarixiy obidalar, muzeylarni tomosha qildik. Ochig‘ini aytaman. Buxoroni yaxshi ko‘rib qoldim. Bunday toza va go‘zal shaharlar dunyoda kam uchrasa kerak. Ayniqsa, odamlarning ochiq chehrasi, mehmondo‘stligi bizga juda yoqdi. Servis xizmatlar, turistlar uchun yaratilgan sharoitlardan mamnunmiz. Barchasiga gap yo‘q. Shunchaki ertaknamo shaharga tushib qolgandek o‘zimizni his qilyapmiz.
Mahalliy aholi va xorijiy sayyohlarning madaniy hordiq olishi, shuningdek, ko‘ngilochar xizmatlardan bahramand bo‘lishini tashkil qilish orqali eski shahar qismida tashkil etilgan qulay infratuzilma hozirda xalqimizning kayfiyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. O‘z-o‘zidan ushbu hududda xizmatlar soni va sifati ham yaxshilanmoqda.