-
Нет Отзывов
-
В избранные
Surxondaryo viloyati O‘zbekistonning tarixiy maskanlar, qadamjolarga boy hududlaridan hisoblanadi.
Viloyatga tashrif buyurgan turistlar Al-Hakim at-Termiziy maqbarasi, Qoratepa buddizm ibodatxonalar markazi, Fayoztepa buddaviylik monastiri, Abu Iso Termiziy maqbarasi, Zarautsoy qoyatosh suratlari, Xo‘jaikon tuz g‘ori, Teshiktosh g‘ori, Darband chegara istehkomi va “TEMIR DARVOZA” yodgorligi, Xo‘jamayxona ziyoratgohi, Tangisar kanoni, Xo‘ja g‘ur-g‘ur ota (Yer osti Everesti – yer yuzining eng chuqur g‘ori), Xo‘jaqo‘chqor ota anomalik zonasi, Omonxona ziyoratgohi, Jarqo‘rg‘on minorasi, Said otaliq madrasasi, Xoja Alouddin Attor maqbarasi, Xo‘jaipok ziyoratgohi, Sangardak sharsharasi, Ekoturizm maskani va boshqa shu kabi tarixiy joylarga sayohat qilish imkoniga ega bo‘lishadi. Bu esa turistlarga tarix sahifalarida yashirinib yotgan yangi, qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘lish imkonini beradi.
Masalan, Qoratepadagi dastlabki buddaviy ibodat inshootlari milodiy I asrda qurila boshlangan. Bu esa Eski Termizning shimoli-sharqiy qismida joylashgan Qoratepa buddizm ibodatxonalar markaziga tashrif buyurgan turistlarni uzoq o‘tmishga yetaklaydi.
Al-Hakim at-Termiziy maqbarasi, albatta, hech bir turistni befarq qoldirmaydi. Surxondaryoning mashhur islom obidalaridan biri bo‘lgan bu maqbara nafaqat at-Termiziy shaxsi, balki o‘sha davr haqida ham hikoya qiladi.
Turistlarni befarq qoldirmaydigan maskanlardan yanab biri shak-shubhasiz Zarautsoy qoyatosh suratlaridir. Manbalarga ko‘ra, Zarautsoy darasida joylashgan Zarautkamar g‘oridan mezolit, neolit va keyingi davrlarga mansub chizma tarzida kontur va soya uslubida qizil angob (oxra) bilan chizilgan 200 dan ortiq rasmlar topilgan. Bu fakt esa turistlarning mazkur hududda ancha qimmatli tarixiy ma’lumotlarga ega bo‘lishlarini anglatadi.
Darband chegara istehkomi va “TEMIR DARVOZA” yodgorligi tarixi miloddan avvalgi II asr o‘talariga borib taqaladi. Qadimgi manbalarning guvohlik berishicha, Boysun tog‘ining Oqqutol dovonida joylashgan Darband mudofaa istehkomi milloddan avvalgi II asrning 4-choragida qurilgan. Ayni damda mazkur hududda turistlarni ichki devorlari ham mavjud bo‘lgan, old, ya’ni g‘arbiy tarafi harbiy va bojxona inshootlarining qonun qoidalariga mos ravishda qurilgan, devorlari yo‘nilgan toshlar va xom g‘ishtlardan tiklangan qadimiy inshoot kutmoqda. O‘zbek davlatchiligi tarixining yorqin sahifalarining birini tashkil etadigan Darband mudofaa istehkomi sizu bizga tarixning eng qimmatli zarvaraqlarini ochishi shubhasiz.
Xo‘jamayxona ziyoratgohi tog‘ yon bag‘rida joylashgan bo‘lib, mazkur hududga tashrif buyurgan turistlar ziyoratgohning uch aka-uka bilan bog‘liq qiziqarli tarixidan boxabar bo‘lishadi. Shuningdek, turistlar mavsumiy may, iyun, iyul va avgust oylarida g‘ordan chiqayotgan shifobaxsh suv uchun kelishadi. Ushbu hudud mavsumda ziyoratchilarning dam olish maskaniga aylanadi.
Vohaning Sayrob qishlog‘ida ikki tup ko‘hna chinor bor. Ularning tanasidagi katta kovakdan ilgari askarlar qarorgohi, 1920-yilda qishloq kengashi idorasi, 1932–1934-yillarda kutubxona, 1936-yilda qishloq savdo do‘koni, maktab, choyxona, sartaroshxona sifatida foydalanilgan. Hozir esa uning ichida mo‘jazgina muzey tashkil etilgan. Chinor tabiiy yodgorlik sifatida muhofazaga olingan. Yana bir e’tiborli jihati, mazkur chinorlar ostida asrlar davomida jilolanib oqib turgan buloq va undagi qora tusli baliqlarni boshqa joyda uchratmaysiz. Buloq suvi oqib chiqadigan tuynuklar bo‘lsa-da, yuzlab baliqlarning birortasi bu yerni tark etmagan. Boysunliklar ushbu azim chinorlar ostida buyuk shoir va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur dam olgani haqida faxrlanib gapirishadi.
Surxondaryoda ko‘pchilik bilmaydigan, ammo o‘ta muhim obyekt hisoblangan Tangisar kanoni tabiat zonasi joylashgan. Mazkur hudud o‘rta asrlarda muhim strategik joy hisoblangan, chunki u ko‘plab savdo karvonlari va qo‘shinlari uchun tranzit vazifasini bajargan. Bu Buxoro, Samarqand va Chochdan Baqtriya va Hindistonga, Hindiston va Baqtriyadan Markaziy Osiyo shaharlariga qaytishning eng qisqa yo‘li edi.
Surxondaryoda O‘zbekistonning “Yer osti Everesti” yoxud dunyoda eng chuqur g‘ori nomiga da’vogar Xo‘ja g‘ur-g‘ur ota g‘ori ham bor. Bugungi kunda Gruziyadagi Kruber g‘ori eng chuqur g‘or hisoblanadi – 7,208 fut. Biroq “Dark Star” – “Qorong‘i yulduz” (Boysun ahli uni azaldan Xo‘ja G‘urg‘ur ota deb ataydi) undan bu nomni tortib olishga asosiy da’vogardir. Rossiya, Italiya va Isroil speleologlaridan iborat 31 kishilik xalqaro ekspeditsiya jamoasi o‘z texnik imkoniyatlaridan kelib chiqib, "Yer osti Everesti"ning tubiga 1 kilometrgacha kirib bora olgan. Tadqiqotchilar g‘orning tubi, aslida, 2,650 metrdan iboratligini ta’kidlashadi. Bu esa Gruziyadagi Kruberdan 500 metrga chuqurroq deganidir.
Yuqoridagi ma’lumotlar Surxondaryo bag‘rida “yashirinib yotgan” sir-sinoatlarning kichik bir sahifasi, xolos. Vohaning diqqatga sazovor joylari haqida istagancha yozish, fikr bildirish mumkin.
Eng yaxshisi, bu hududga tashrif buyurib, biz qayd etgan qadamjolar va boshqa tarixiy maskanlarni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘ring. Bu sizga bevosita voha bag‘rida tarixga sayohat qilish va o‘zingiz uchun qimmatli ma’lumotlarga hamda unutilmas taassurotlarga ega bo‘lish imkonini yaratadi.
Mehribonu To'lqinova tayyorladi