-
Нет Отзывов
-
В избранные
Anʼanaviy tarzda oʻtkaziluvchi “Tashkent Travel Mart 2022” tadbirini Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari - Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov va Isroil Turizm vaziri Yoyel Razvozov ochib berdi.
Tadbir Turizm va madaniy meros vazirligi qoʻllab-quvvatlashi ostida Oʻzbekiston Xususiy Sayyohlik Tashkilotlari Uyushmasi (XSTU) tomonidan Yevropa Ittifoqining “ Switch Asia” loyihasi, USAIDning tadbirkorlik va biznes muhitini rivojlantirishga oid loyihasi, Oʻzbekiston Respublikasining Germaniya Federativ Respublikasidagi elchixonasi, “ ACTED” va Xalqaro Moliya Korporatsiyasi (IFC) koʻmagida tashkil etildi.
B2B formatidagi “ Tashkent Travel Mart 2022” xalqaro sayyohlik koʻrgazmasi tarmoqlararo muloqotni kengaytirish va yangi sharoitlarda bozorni rivojlantirishning maqbul yechimlari va yoʻllarini ishlab chiqish uchun ixtisoslashtirilgan turistik maydonchadir. B2B formati, yaʼni “biznes uchun biznes”, koʻrgazmada ixtisoslashgan tashkilotlarga biznes imkoniyatlarini kengaytirish, oʻz biznesini yuritishdagi koʻplab muammolarni hal etish, turizm xizmatlarini taklif etish imkonini beradi.
Taʼkidlash joizki, joriy yilda koʻrgazmada Oʻzbekiston va butunjahon sayyohlik tashkilotlarining eng faol vakillari ishtirok etdi. Bular 10 dan ortiq davlatlarning turoperatorlar, sayyohlik agentliklari, mehmonxonalar, banklar, onlayn xizmatlar, sugʻurta kompaniyalaridan iborat 90 dan ortiq xorijiy kompaniyalaridir. Ular orasida Germaniya, Chexiya, Estoniya, BAA, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekistondan sayyohlik sohasi vakillari bor.
Mamlakatimizning turizm sohasida mavjud samarali “yashil” texnologiyalardan foydalanish jahonda tobora tanilib borayotgan SBT turizmini ommalashtirish xalqaro miqyosda turizm sanoati salohiyatini oshirishda muhim omil boʻlyapti. Shu maqsadda “Tashkent Travel Mart 2022” koʻrgazmasi Zero Sarbon Fair yetakchiligida oʻtkazilyapti.
Tadbir doirasida turizm sohasi mutaxassislari nafaqat qiziqarli muammolarni muhokama qilish, balki dolzarb savollarga javob topish imkoniga ega boʻldilar. Shuningdek, potensial mijozlar va yangi hamkorlar bilan samarali uchrashuvlar oʻtkazilib, kelgusida hamkorlik toʻgʻrisida shartnomalar tuzildi va memorandumlar imzolandi, deb xabar beradi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.
Maʼlumot uchun: “Tashkent Travel Mart 2022” asoschisi 1998-yilda tashkil etilgan Oʻzbekiston Xususiy Sayyohlik Tashkilotlari Uyushmasi (OʼzXSTU) boʻlib, Oʻzbekistonda turizm sohasida faoliyat yurituvchi eng yirik va eng qadimgi nodavlat, notijorat tashkilot hisoblanadi. OʼzXSTU ilgʻor xorijiy tajriba asosida turizm sohasida innovatsiyalarni joriy etishga intiladi. 200dan ortiq turoperatorlar, mehmonxona biznesi va mehmon uylari, xostellar, turizm biznesi sohasidagi dasturiy taʼminot vakillarini birlashtirgan.