-
Нет Отзывов
-
В избранные
Andijon viloyati turizm va sayyohlik sohasida ulkan salohiyat va imkoniyatga ega hududlardan biri hisoblanadi.
Shu bois hududda turizmni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar sayyohlar oqimini ko‘paytirish imkonini bermoqda.
Buni Andijon viloyatining Marhamat tumanida turizmni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar misolida ko‘rish mumkin. Agar yo‘lingiz tushib, Marhamatga kelsangiz, Andijon – Marhamat avtomagistral yo‘lidan yurib, Shahrixonsoydan o‘tishingiz bilan o‘ziga xos, go‘zal manzaraning guvohi bo‘lasiz.
Yo‘lning har ikki tomonida adirlikning quyi qismida soya-salqin choyxonalar, turizmni targ‘ib etuvchi haykal va o‘tovlarga ko‘zingiz tushadi, adirlikning eng yuqorisida esa “Marhamat” sihatgohi ana shu go‘zal manzaraga yanada ko‘rk bag‘ishlab turibdi. Ayni kunda Marhamat tumanida jami 62 ta madaniy meros ob’ekti - arxeologik, monumental, arxitektura yodgorliklari, ziyoratgoh, shuningdek, diqqatiga sazovor joylar bo‘lib, ularning aksariyati turistik yo‘nalishlarga kiritilgan.
Tumanda ichki turizmni tashkil qilish va rivojlantirish maqsadida “Mingtepa” jamoat fondi tomonidan yo‘l bo‘ylariga 15 ta kichik turistik maskanlar barpo etish loyihasi ishlab chiqilgan. Hozirgi kunda ulardan 6 tasi foydalanishga topshirilgan. Turizm infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha namunaviy loyihalar asosida 9 ta yangi sanitariya-gigiyena shoxobchasi tashkil etildi, mavjud 8 tasi esa ta’mirlandi. O‘tgan yili tumanda 14 ta turistik yo‘nalishlar mavjud bo‘lgan bo‘lsa, joriy yilda ularni 18 taga yetkazish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Sayyohlarga 1 ta turoperator xizmat ko‘rsatmoqda. Keyingi yillarda hashar yo‘li bilan tumandagi Xo‘jabosmon ota, Bandimozor ota, Mirishkor ota, Oqbosh ota, Boboxuroson ota ziyoratgohlari hamda Vosiliy uy-muzeyida ta’mirlash, obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.
Bozorboshi mahallasida etnoturizm yo‘nalishida “Ro‘molchilik ko‘chasi” tashkil etildi. bugungi kunda tumanda turistik ob’ektlarda xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida 2 ming 100 nafardan ziyod kishining bandligi ta’minlangan. Tumanda o‘tgan yili mahalliy va xorijiy sayyohlarga xizmat ko‘rsatish orqali turistik xizmat ko‘rsatish hajmi 1,5 barobarga ortgan. Tumandagi Xakka mahallasida 8,5 gektar maydonda barpo etilgan “Buyuk maskan” ekoturizm maskani esa har qanday sayyohga manzur bo‘lishi aniq. Umumiy loyiha qiymati 30 milliard so‘m bo‘lgan mazkur dam olish maskani bir vaqtning o‘zida bir ming nafardan ortiq odamga xizmat ko‘rsatadi. Bu yerda mehmonxona, choyxonalar, qoraqalpoq, qirg‘iz o‘tovlari, sport maydonlari, bar, kafe, sharshara, manzarali yo‘laklar barpo etildi, charxpalak, o‘ndan ortiq attraksionlar o‘rnatilgan. Maskan markazida ko‘l yaratilib, o‘rtasi orolcha qilingan. Orolchada muzqaymoq xiyoboni tashkil etilgan. Ko‘lda sayr qilish uchun bir nechta katamaranlar keltirildi. O‘ziga xos ko‘rinish va betakror dizaynga ega mazkur maskan foydalanishga topshirilishi bilan tumanga yana ko‘plab sayyohlarni jalb etish imkoni yaratiladi.
Boboxuroson mahallasida yashovchi o‘zbek sirki, dorbozlik san’atining ustasi Yunusali G‘oziyevning xonadonida tashkil etilgan milliy etnoturizm maskani ham sayyohlar bilan hamisha gavjum maskanlardan biri hisoblanadi. Xonadon ichidan oqib o‘tuvchi ariq bo‘ylari jannatmonand bog‘ga, dam olish maskaniga aylantirilgan. Xonadonda parvarishlanayotgan ko‘p yillik ulkan daraxtlarning har biriga o‘zgacha shakl berilib, ularning ustiga, daraxt shoxlari orasiga o‘tirib, dam oladigan maxsus joylar barpo etilgan. Ushbu maskanga kelgan sayyohlar uchun "Andijon samosi" dorbozlar guruhi tomonidan dorbozlik san’ati namoyish etiladi. Shuningdek, maskanda milliy hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi, o‘ziga xos etno muhit yaratilgan. Ushbu maskanda bir vaqtning o‘zida 90 nafar sayyohga xizmat ko‘rsatiladi. Marhamat tumanida turizmni rivojlantirishda “Mingtepa” arxeologik yodgorligi alohida ahamiyat kasb etadi.
– Xalqimizning ko‘hna tarixini aks ettiruvchi noyob “Mingtepa” yodgorligiga nafaqat yurtimiz, balki xorijlik sayyohlarda ham katta qiziqish uyg‘otadi, – deydi "Mingtepa-madaniy meros" jamoat fondi rahbari Ortiqali Husanov. – Mingtepa xarobalari xalqimizning qadim tarixi haqida juda ko‘p ma’lumotlar beradi. Ana shundan kelib chiqib, turistlarni jalb etish maqsadida ochiq osmon ostidagi “Mingtepa” muzeyi, kutubxona tashkil etildi. Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 29 dekabrdagi "Mingtepa" arxeologiya merosi ob’ektini muhofaza qilish, tadqiq etish va undan oqilona foydalanish to‘g‘risida" gi qarori hamda mazkur qaror bilan tasdiqlangan "Yo‘l xaritasi" da keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirish belgilangan. Biroq, mazkur ishlarning bajarilishi koronavirus pandemiyasi munosabati bilan o‘z vaqtida bajarilmadi. bugungi kunga kelib ham qaror ijrosini ta’minlash e’tibordan chetda qolmoqda.
Qaror bo‘yicha "Mingtepa" arxeologiya merosi ob’ektini muhofaza qilish va tadqiq etish markazi binosini qurish uchun 1,14 gektar, muhofaza hududi uchun esa 2,4 gektar yer maydoni ajratildi. Qurilish ishlari esa haligacha boshlangani yo‘q. Bundan tashqari, hujjatda turistlar, tashrif buyuruvchilar uchun qulay sharoitlar yaratish, tarixiy ko‘rinishni saqlagan holda ob’ektning muhofaza etiladigan hududidan tashqarida zamonaviy dam olish maskanlari tashkil etish, "Jingirtepa", "Toshtepa" arxeologiya ob’ektlariga olib chiquvchi yo‘lni piyodalar uchun moslashtirish singari qator vazifalari ham belgilangan. Biroq, mazkur ishlarning bajarilishini ham ko‘ngildagidek, deb ayta olmaymiz. Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, belgilangan ishlarni amalga oshirish bilan bog‘liq hujjatlar ishlab chiqilgan, hozirda ular Andijon viloyati Madaniy meros boshqarmasi qoshidagi Ilmiy-maslahat kengashi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda. Tuman hokimligi, boshqa mas’ul va mutasaddi tashkilotlar Vazirlar Mahkamasining yuqorida qayd etilgan qarori ijrosi bo‘yicha amaliy ishlarni boshlaydi, deb umid qilamiz.
Marhamat tumanida o‘nlab ziyoratgohlar borki, ularga nafaqat Andijon, balki respublikamizning boshqa viloyatlari, qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasidan ham ko‘plab sayyoh va ziyoratchilarni jalb etish mumkin. O‘tgan yili tumanga 115 ming 200 nafar sayyoh va ziyoratchi tashrif buyurgan bo‘lsa, joriy yilda ularning sonini yanada oshirish ko‘zda tutilgan. 2022 yilda tumanda bir vaqtning o‘zida 160 nafar mehmonni qabul qilish imkoniyatiga ega qator mehmon uy, oilaviy mehmonxona va xostellar tashkil etilishi belgilangan. Masalan, Mirishkor mahallasida umumiy qiymati 3 milliard so‘mga teng 60 o‘rinli o‘ziga xos uslubda mehmon uylar barpo etildi. Yil oxiriga qadar mavjud ziyoratgohlarga olib boruvchi yo‘l ko‘rsatkichlari to‘la o‘rnatiladi. Shuningdek, To‘rabobo, Mulla to‘ychi, Oqto‘nli ota va Mahdum Vosiliy ziyoratgohlari ta’mirlanadi.
Tumandagi ziyoratgohlarda WI-FI zonalari yaratiladi. Joriy yilda ana shu ishlarni amalga oshirish hisobiga tumanda turizm rivojlanadi, sayyohlar oqimi esa yanada ortadi.