-
Нет Отзывов
-
В избранные
2022-yil 18-may kuni Turizm va madaniy meros vazirligi koʻmagida Toshkent viloyati Boʻstonliq tumani Chimboylik qishlogʻida joylashgan “Green Hills Resort” dam olish maskanining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Mazkur loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekistonda turizmni rivojlantirish va Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumaniga xorijiy investorlarni jalb etish toʻgʻrisidagi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida amalga oshirildi.
Marosimda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari – turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov ishtirok etdi.
“Bugungi kunda turizm sohasiga katta eʼtibor qaratilib, yirik islohotlar amalga oshirilmoqda. Islohotlar tufayli mamlakatimizga bir qancha yangiliklar kirib kelayapti. Finlandiyaning «Homka” kompaniyasi zamonaviy texnologiyalari asosida Boʻstonliq tumanida yangi “Green hills resort” kurort zonasi ochildi. Bularning hammasi avvalambor xalqimizga va tashqi turizm asosida tashrif buyuradigan turistlarimizga xizmat koʻrsatadi. Endilikda bu yerda mahalliy aholining koʻplab vakillari oʻz ish oʻrinlariga ega boʻladi. Albatta buning hammasi hurmatli Prezidentimiz Shavkat Miromonovich janoblarining tashabuslari asosida amalga oshayapti. Ushbu loyihamiz ekologik jihatdan yuksak eʼtirofga munosib, chunki barcha kottejlar tabiatga zarar keltirmaydigan texnologiya boʻyicha qurilgan. Loyiha tashabuskorlarini yana bir bor tabriklaymiz», deb aytib oʻtdi Aziz Abduhakimov.
“Green Hills Resort” xalqaro sifat va ekologik toza standartlarga muvofiq qurilib, ham Oʻzbekiston fuqarolari, ham xorijlik sayyohlarning maroqli dam olishi uchun moʻljallangan. “Green Hills Resort” nafaqat tabiat goʻzalligi, balki oʻziga xos shifobaxsh havosi bilan hayratga soladigan soʻlim togʻ hududida joylashgan. Ushbu maskanda sport va oʻyin maydonchalari mavjud. Xususan, mini-futbol, shaxmat, arqonli maydoncha, suzish havzasi, togʻ yon-bagʻirlari va soylar boʻylab sayr qilish mumkin yunalishlar.
“Green Hills Resort” hududida bugungi kunda 11 ta kottej mehmonlarni qabul qilishga tayyor. Kelgusida kottejlar sonini 40 taga yetkazish rejalashtirilgan.
“Green Hills Resort”ning asosiy vazifasi dam olish maskani maydonini yanada intensiv obodonlashtirish va mavjud tabiiy goʻzalligini saqlab qolishdir – bu hatto uning nomida ham aks ettirilgan. Bu harakatlarning barchasi “Yashil Makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda. Qurilish jarayonida dam olish maskanida hududdagi barcha daraxtlar saqlanib qoldi, qoʻshimcha ravishda 800 tupdan ortiq turli navdagi daraxt koʻchatlari oʻtqazildi.
Yana shuni qoʻshimcha qilib oʻtamizki, hozirda “Green Hills Resort” dam olish maskani hududidagi barcha daraxtlarni asrab-avaylash maqsadida daraxt turi va yoshi koʻrsatilgan holda “Oʻrmon xoʻjaligi” tomonidan roʻyxatga olinmoqda. Piyodalar yoʻlaklarini yotqizishda imkon qadar ekotalablarga rioya qilindi, daraxtlar va atrof-muhitga zarar yetkazilmadi.
Mehmonlar uchun turar joy yaratishda ekologik toza talablar bajarildi. Shunday qilib, hududda joylashgan yogʻoch uylar ekologik yogʻoch uy-joy ishlab chiqarish boʻyicha dunyodagi yetakchi brendlardan biri boʻlgan Finlyandiya kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan va yetkazib berilgan.
Shunday qilib “Green Hills Resort” bu yoʻnalishdagi dastlabki bosqichlardan biri boʻlib, dam olish maskanida 95 ta yangi ish oʻrni tashkil qilindi. Shundan 60 ta ish oʻrniga hududda istiqomat qiluvchi aholi, jumladan, ayollar va yoshlar olindi. Taʼkidlash joizki, mazkur loyihalar mahalliy va xorijiy sarmoyalarni jalb etish hisobiga amalga oshirilishi rejalashtirilgan.